OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Iqbol Qo‘shshaeva. Zakovat shu’lasi

Jahon adabiyotining mumtoz asarlari umuminsoniy meros sanaladi. Qaysi xalq vakili tomonidan yaratilgani yoki qaysi tilda yozilganidan qat’i nazar, bunday asarlar barcha zamonlarda dunyo kitobxonlariga yuksak insoniy tuyg‘ularni ulashib, ularning ma’naviy olamini boyitib keladi.

Albatta, har qaysi avlod klassik adiblar ijodiga o‘z davri badiiy-estetik talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib yondashadi hamda o‘z qurbiga yarasha undan ma’naviy oziq oladi. Shu ma’noda, ulug‘ rus yozuvchisi Lev Tolstoy asarlari ham bugungi kitobxonlar uchun ma’naviy sarchashmalardan biridek tuyulsa, ajab emas. Zero, yurt tuyg‘usi, e’tiqod tushunchasi, inson ichki olamining benihoya boy va ziddiyatli manzaralari bu adibning asarlarida bir qadar teran aks ettirilgan. Ulardan zavq olish va aql-idrokni boyitish sinchkov kitobxon uchun hamisha naf keltiradi.

Kitobxon badiiy asarni o‘zining ichki ehtiyojidan kelib chiqib tanlaydi, o‘qiydi. Shu ma’noda, Paulo Koelo “Kitob, bu — katalizator” deganda haq gapni aytgan. Darhaqiqat, badiiy asar shuurimizdagi hali anglab ulgurilmagan haqiqatlarni qo‘zg‘aydi.

Shu boisdandir rus yozuvchisi Lev Tolstoyning asarlari mening ham doimiy hamrohimga aylangan.

Sir emaski, “Urush va tinchlik” romanining mavzu doirasi nihoyatda keng. Shu bois, yozganlarim biroz tarqoqdek, ya’ni mavzular bir-biriga bog‘lanmagandek tuyulishi mumkin. Maqolani tutib turuvchi asosiy negiz, bu — kitobxon kundaligida aks etgan Tolstoy ijodidan hayratlanish jarayonlaridir.

Bu ulkan asar orqali Vatanni anglash, Ayolning jumboqli dunyosi, olam tayanchiga aylangan E’tiqod kabi boqiy mavzu tevaragida mulohaza yuritishga harakat qildim.

Lev Nikolaevich Tolstoy o‘n to‘qqizinchi asr hodisasi deb e’tirof etilgan “Urush va tinchlik” epopeyasining boshlanish qismini o‘n besh marta qayta ishlab, so‘nggi variantni Austerlits jangidan, ya’ni Rossiya davlati tarixining eng sharmandali sahifasidan boshlaydi. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Nega, yozuvchi asarni buyuk fotihni (garchi bu ibora adibga yot bo‘lsa-da) chekintirgan, rus millatining qahramonligini namoyish etgan mashhur Borodino jangidan — Vatanining sha’n-shavkatini madh etishdan boshlamadi? Yoki unda vatanparvarlik tuyg‘usi yetishmasmidi!

Yo‘q, Tolstoy dahosi bu yo‘ldan borishni o‘ziga lozim topmaydi. O‘ylayman... Agar u shu yo‘ldan borganda uning qahramonlariga nisbatan asrlar ortidan turib bugun biz birodarlik tuyg‘usini his etib, hamdard bo‘la olmas edik. Ayniqsa, kibor olomon tomonidan masxara qilingan, qahramonlik da’vosidan uzoq Kutuzovning keng qalbini tinglolmasdim. Tolstoy zakosi yana bir haqiqatdan ko‘z yummaydi: garchi har qancha mahrumiyatlardan qat’i nazar, Rossiya tarixida bu urush rus xalqining kuch-qudratini namoyon etgan jang sifatida qayd etilmasin, baribir, u insoniyat tarixidagi eng ayanchli tomoshalardan biri edi. Borodino — qo‘llariga qurol olgancha nima maqsadda va kim uchun kurashayotganliklarini o‘zlari ham anglab yetmagan minglab begunoh odamlarning qoni to‘kilgan janggohning nomi! Buyoqda xalq chumolidek qirilib ketayotgan pallada, jang sahnasi ortida o‘nlab amaldorlarning manfaatlari o‘zaro to‘qnashardi.

Yozuvchi chinakam rus farzandi bo‘lish bilan birga, bashariyatning bir vakili ekanligini ham bir zum bo‘lsa-da, unutmaydi... Haqiqat qarshisida esa san’atkorning millati yo‘q, ayni paytda uning Vatani butun olam — borliq. Asarni mutolaa qilar ekanman, na Lev Nikolaevichning o‘zida, na uning qahramonlari — Pier Bezuxov, Kutuzov(Kutuzovda ortiqcha balandparvoz gapning o‘zi yo‘q, deb ta’kidlaydi yozuvchi), na knyaz Andrey, na uning otasi keksa Bolkonskiyda(bu tajang qariyaning har bir gapidan haqiqatning achchiq bo‘yi ufurib turadi) — bularning birortasida vatanparvarlikka da’vogarlikning bo‘m-bo‘sh, yalang‘och ko‘rinishini ko‘ramiz. Ayni paytda, ularning har biri butun qalbi bilan o‘z Rossiyasini sevar, ularning har birlarining qalbida o‘zlaricha kashf etgan o‘zlarining Vatanlari bor edi. Bu betakror timsollar atrofida qahramonlikka da’vogar yana shunday kimsalar ham g‘imirlab yuradiki, ular butun kuch-quvvatini odam o‘ldirish, qirg‘in qilishga emas, balki ularni halokatdan qutqazish, ularga rahm-shafqat ko‘rsatishga sarflagan Kutuzovga “Moskvaning qo‘ldan ketishiga shaxsan siz aybdorsiz”, deya ta’na toshlarini otgan bir guruh kiborlar davrasidir. Ular ham Vatanni o‘zlaricha sevadilar.…

Albatta, ularning Rossiyaga bo‘lgan muhabbatida keskin farq qiluvchi tafovut yo‘q emas. Garchi hammalari rus bo‘lsa-da, ularni bir-birlaridan begonalashtiruvchi jihat aynan o‘z tuyg‘ularini ifodalashdagi tafovut edi, aslida.

Yonayotgan Moskva ko‘chalari bo‘ylab shiornamo xitobnomalardan iborat afishani ko‘targancha zir yugurayotgan janob Rostopchin qiyofasini bir ko‘z oldingizga keltiring...

Undagi qahramonlikka bo‘lgan ishtiyoq shuni talab qiladiki, qurbon kerak... xalq farovonligi uchun yuzlab vereshchaginlarning qoni kerak... Lekin o‘sha qon janobning po‘rim libosiga sachramasa bo‘ldi... Axir, qanday qilib bo‘lmasin, o‘zining jonajon Moskvasiga bo‘lgan cheksiz muhabbatini isbotlashi kerak-ku! “Men poytaxtimning devori ostida jon berishga tayyorman!!!” Afsuski, grafdagi muhabbatning bor kuchi mana shu hayqiriqdan nariga o‘tmaydi...

Qiziq, shunday faol arbobni, shunday jonkuyar fuqaroni Tolstoy nega birinchi planga chiqarmaganiga hayronsan. Hatto, Bondarchukning kinokamerasi ham bu zotni nazariga ilmaydi-ya? Yoki rejissyor shunday ham bu olam rostopchinlardan iborat-ku degan xulosaga kelganmi?

Albatta, Vatanning qalbiga quloq solmoqchi bo‘lgan inson, umumbashariy iztiroblarni yuragidan o‘tkazmasa hech qachon Uning dardlarini tushunolmaydi. Uning sevinchi-yu qayg‘usi nimadaligini anglolmay o‘tib ketadi (Rostopchinning fojiasi ham shunda edi!). Hech qursa, umri davomida bir marotaba bo‘lsa-da, knyaz Andreydek “Mening o‘g‘ilcham o‘sayapti, hayotni ko‘rib quvonayapti, lekin u ham boshqalar kabi bu hayotda yo aldanadi, va yo aldamchi bo‘ladi...”, deya o‘rtanmagan shaxsning “yuragida Vatani yig‘lolmaydi...”(go‘yo Oybekdek). Shuning uchun ham har bir Tirik Inson borki, knyazni o‘zining zamondoshi, hamdardi deb biladi. Hayot-mamotga aylangan bu xavotir tufayli go‘yo o‘zingni U bilan bir daraxt soyasida nafas olayotgandek sezasan. Dunyoga kelding, hayotni yorug‘ tuyg‘ular bilan tomosha qila boshlaysan. Ha-ha, aynan hayotni tomosha qilganingdagina tayg‘ularing shu qadar pokiza va baland bo‘ladi. Biroq, uning ishtirokchisiga aylanganingda-chi? Axir bir umr tomoshabin bo‘lib o‘tolmaysan-ku! Mana shunda boyagi “Yo hayot, yo mamot” darajasiga ko‘tarilgan mangu savol qarshingda ko‘ndalang turadi. Yo aldaysan, yoki bir umr aldangan insonning rolini o‘ynab yashaysan... Balki, shoir kabi muallaq turgan ishonchingni yoningdagi insondan izlarsan...

O, kim ham yetardimening dodimga.
Na yer sarvarlari,na sarvat, na din,
Inonmog‘im uchun odam zotiga
Men senga inonmoqistayman oldin.

Sarkash ruh shoirimiz Rauf Parfi insoniyatga ishonishi uchun, avvalambor, ishonchni muhabbatidan, ya’ni mahbubasidan kutadi. Bu hayotga bo‘lgan muhabbatingni asrab qolish va odamlarga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi ildizi bilan butkul yo‘qolib ketmasligi uchun ham, hech qursa U aldamasa!.. Birgina Uning sadoqati ortida hamma, qolaversa, borliq bor.

Xo‘sh, hamma ayolning ham qalbi hamisha suyanishing uchun tog‘ vazifasini bajara oladimi? Agar shunday bo‘lganda, nega knyaz Andrey graf Bezuxovga: “Qarib tamom ishdan chiqqaningdan keyingina xotin ol... Yo‘qsa, bor fazilatu kamoloting bekorga ketadi, mayda-chuyda narsalarga sarf bo‘ladi... Sen kelajakda o‘zingdan biron narsa kutadigan bo‘lsang, xotin olgandan keyin hamma narsa barbod bo‘lganini va sening uchun hamma yo‘l berkilib qolganini har qadamda sezib yurasan. Yagona ochiq yo‘l mehmonxona bo‘lib qoladi... Xotinga bog‘lanib qoldingmi, demak, kishanga tushding — butkul erkingni yo‘qotasan. Otam aytganidek, kiborlar suhbatida o‘tirganda ularga qarasang, xuddi bir nima borday ko‘rinadi-yu, haqiqatda esa hech narsa yo‘q...” deya hasrat qiladi. Nazarimda, Lev Nikolaevich Sofya Andreevnadan topgan haqiqatining barcha achchiq-alamlarini Andrey Nikolaevichning tilidan aytgandek. Holbuki, boyaqish har bir ayol o‘zini kimningdir baxtiman deb biladi. Garchi o‘zim ham bu sho‘rlik qavmdan bo‘lsam-da, bu shafqatsiz haqiqatni inkor etishga ojizman. Meni kechiringlar-u, hayotiy kuzatuvlarim ham knyazning fikrini tasdiqlaydi. Lekin qalbni ovutadigan bir taskin bor; aynan o‘sha inson, ya’ni hayot va o‘limning mangu kategoriyalari haqida o‘ylayotgan yarador knyaz Bolkonskiyni tinglaylik: “Butun dunyo mening uchun ikkiga bo‘lingan: bir bo‘lagida Natasha va u bilan birga butun baxt-saodat, umid-orzu, yorug‘lik; ikkinchi bo‘lagi — u bo‘lmagan bo‘lagida — umidsizlik, ma’yuslik hamda zulmat... Men Natashaning so‘zlariga tushunardim. Tushunish bilan birga men uning qalbidagi kuchni, uning samimiyligini, ochiqligini, jismiga sig‘may turgan ruhni, qalbini sevardim, jonu tanim bilan sevardim, baxtiyor edim... Uchi(Natashani olib qochmoqchi bo‘lgan Anatol Kuragin — I.Q) uning qiyofasida faqat so‘lim bir qizni ko‘rdi xolos...”

Andrey Bolkonskiyning bu samimiy iqrorini ichki titroq bilan o‘qirkanman, beixtiyor Ayol qalbidagi kuchni his qilmasdan, uning jismiga sig‘may turgan ruhga tik qaray olmay, u bilan bo‘ylasholmay ketgan va ketayotgan minglab erkaklarga nisbatan ko‘nglimdan achinish hissi o‘tadi. O‘zini tanigan yetuk bir inson tomonidan ayollar dunyosiga bo‘lgan bir-biriga zid, ammo biri ikkinchisini inkor etolmaydigan ikki xil qarash. Tabiiyki, bu ikki xil toifa ayolsiz esa bu dunyo kemtik bo‘lib qolar edi. Qaysidir ma’noda gohida ayollar erkaklar uchun yo‘qotishlar, mahrumiyatlar, afsus-nadomatlar, xatolar manbaidir, ehtimol... Biroq knyazning iqrorini anglashga urinsak, boshqa bir toifa Ayol ular uchun qalbni unsiz ibodatga keltirguvchi kuy, ruhiyatidagi tugunga aylanayozgan g‘ijimlarni yechguvchi, ruhiy dag‘alliklardan himoya qilguvchi musiqadir... Ta’bir joiz bo‘lsa, tazarrusidir balki... Hind qadriyatlariga binoan, emishki, qaysiki inson muqaddas Gang daryosining suvlariga cho‘milsa gunohlardan forig‘ bo‘larmish. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, hindlar daryoga “Ona Gang” deya topinadilar, ya’ni uni Ayol timsolida ko‘radilar va ko‘p hind oilalarida qiz bolalarga Ganga ismi qo‘yiladi. Axir, bir o‘ylab ko‘ring, bu ajib uyg‘unlikda ayol dunyosining asl mohiyatini anglatuvchi buyuk hikmat yashiringan emasmi? Bu ikki xil munosabatning qanchalik haqiqat ekanligini isbotlash uchun ham tarixdan, ham hayotdan yetarlicha misollar topiladi. Gohida ayollarning jamiyatdagi yoki oiladagi haq-huquqlari va o‘rinlari borasidagi, kim haqu, kim nohaq kabi zo‘rma-zo‘raki yasama savollarga duch kelgudek bo‘lsam, peshonam muzdek devorga “taq” etib urilgandek bo‘ladi... Nazarimda, bularning bari o‘sha biz nazarda tutayotgan Ayol mohiyatini anglatmaydi, aksincha ularni o‘zlarining muqaddas vazifalaridan chalg‘itadi, xolos. Ba’zan, bu kabi yengil shabadaga ham dosh berolmaydigan bahslardan ko‘z yumgancha, ayolning TABIAT oldidagi mas’uliyati haqida o‘ylaganimizdagina Knyaz Andrey hasratining tutunini va iqrorining sirini tushungandek bo‘lamiz. Faqat biz bu jarayonda hur tafakkuri bilan o‘zini erkin va baxtiyor sezgan asirlikdagi Pierdek ruhimizga tushov bo‘lgan boshdagi zindonchalardan ozod bo‘lishimiz lozim. Nazarimda, olam tayanchiga aylangan E’tiqod orqaligina bunday oliy hurlikka erishish mumkin.

Balki yoshligim tufaylimi... bilolmadim... hanuz meni bir savol qiynar edi. Nahotki, shunday o‘qimishli, xoh dunyoviy mavzuda bo‘lsin, xoh diniy mavzuga doir neki savol bersang, barisiga hozirjavob insonlar... jo‘ngina zaminiy savollar ro‘parasida o‘zini shu qadar ojiz sezishsa? Yerning o‘zidan-da, past odatiy “qoidacha”lariga shu qadar tobe’ bo‘lsa? Axir, qanday qilib?! Bu o‘zboshimcha-bebosh savolga dueldan so‘ng Pier bilan muloqotda bo‘lgan keksa mason Osip Alekseevich Bazdeev shunday javob beradi:

“Hikmati ilohiy va haqiqat ichmog‘imiz kerak bo‘lgan pokiza suv demakdir. Bu pokiza suvni nopok idishga quyib, bu tozami-notozami deb o‘tirish mumkinmi? Men avval o‘zimni pok qilsam, undan keyin bu suvning ma’lum darajada pokligiga erishgan bo‘laman... Hikmati ilohiy yagonadir. Hikmati ilohiy bir ilmdan hamma narsani, olamning yaratilishi va unda insonnning tutgan o‘rnini tushuntirib beradigan ilmdan iborat. Bu ilmni zabt etish uchun odam o‘zini, ko‘nglini pok qilishi kerakdir. Shuning uchun bu bilimni bilishdan oldin e’tiqod takomillashishi lozim. Bu maqsadlarga erishmoq uchun qalbimizda vijdon otli nuri ilohiy joylashtirilgandir.”

Osip Alekseevichning bu mulohazasini graf Bezuxov bilan birgalikda tinglarkanman, yillar qa’ridan turib betimsol Oybek qiyofasidagi nurning shu’lasi ko‘nglimni sham kabi yoritgandek bo‘ladi.

Pierning xotira daftaridan: “Dilimizni pok qilmasdan turib marosimni harom-harish ado qilishga kirishamiz va yoki o‘zimiz razolat va fisq-fujurning timsoli bo‘la turib, bani basharni to‘g‘ri yo‘lga solmoqchi bo‘lamiz”.

Haqiqatan, mana shu bashariy iqror har qanday shamollarga tebranavermaydigan, olam muvozanatini ushlab turuvchi mutlaq Haqiqatni butun bo‘y-basti bilan ko‘rishimizga xalal beradi.

Yer yuzida, mana shu yer yuzida haqiqat yo‘q — hammayoq yolg‘on va yovuzlikdan iborat, lekin olamda, butun olamda haqiqat hukmronligi mavjuddir, biz endi yer bolalari, abadan esa butun olam bolalarimiz. Shu buyuk, mutanosib bir butunnarsaning bir qismi ekanligimni nainki men sezmasam? Qudrati ilohiy namoyon bo‘lgan shu son-sanoqsiz maxluqotlarning biri, eng quyi bosqichdagi maxluq bilan eng yuqori bosqichdagi maxluq orasida bir bosqich ekanligimni nainki sezmasam?.. Agar Xudo va oxirat bo‘lsa, u vaqtda haqiqat ham bor, ezgulik ham. Va insonning eng yuksak saodati mana shularga erishmoqqa hissa qo‘shishdir”.

Albatta, biz ham shu to‘xtamga kelishimiz uchun adasha-adasha o‘z haqiqatini topayotgan Pierning xatolarini bosib o‘tishimiz, ya’ni uning umrini yashashimiz shart emas. Qolaversa, vaqt bu borada shafqatsiz. Biroq bizga Olloh tomonidan his-tuyg‘u bilan birgalikda mulohaza qilishimiz uchun ong in’om etilgan. Mana shu bebaho ne’mat orqali bu hikmatni o‘zlashtirib, o‘z dunyomizdan— qalbimizdan o‘tkazish imkoniga egamiz.

Aytaylik, agar men mana shu yer yuziga ikki oyog‘im tegib turganligini his qilgancha, uning qonun-qoidalarini bir zum ham unutmasdan haqiqatning yuziga tik qaramoqchi bo‘lsam, men uchun har qanday oddiy urinishlar ham jasoratdek bo‘lib tuyulaveradi. Odatan erta tongda qichqiradigan xo‘roz esa jasurlik timsoli bo‘lib ko‘rinadi. Ko‘z o‘ngimda o‘z-o‘zidan birin-ketin Shaxslar gavdalanadi... Yoki yolg‘on-farovon yashashning usullaridan biridek... Hatto, o‘zimcha, iztiroblar yog‘ida qovrilgandek ham bo‘laman...

Magarki, men nainki oyog‘imni, ruhimni ham mana shu zaminga bog‘lab turgan zanjirlarni uzgancha, Pier aytmoqchi, buyuk mutanosib bir butun narsaning qismi ekanligimni his qilib, borliqqa daxldorligimni anglaganimda, yer yuzidagi olti milliard insondan biri bo‘lib fikrlaganimda, men avvalida jasorat deganim, insonning o‘z mavjudligini isbotlash yo‘lidagi shunchaki urinish, xolos. Shaxs deb taniganim esa, imkoniyati darajasidagina o‘zining insoniy burchini amal-taqal qilib bajarishga urinayotgan, insonga xos zaifliklardan xoli bo‘lmagan ojiz bir banda bo‘lib ko‘rinadi. Iztirob deb ataganim esa shunchaki tushkun kayfiyatning mahsuli, odatiy kechinma, diydiyonamo ming‘irlash bo‘lib chiqadi.

Shuning uchundir, gohida va’z-nasihatlarga ham toqatqilish qiyin. Xoh diniy mavzuda bo‘lsin, xoh dunyoviy... Bu ma’ruzalarda har qancha aqlli gaplar bo‘lmasin, bari quruq va rasmiydek. Gohida ulardagi ehtiros ham erish tuyuladi. Negaki, bu ehtiroslar yashalmagan, aksincha, to‘qilgan, aniqrog‘i, yodlangandek taassurot uyg‘otadi. Nazarimda, u davralar Olloh, Vatan va Muhabbat — bu buyuk uchlik bilan bog‘liq shaxsiy kechinmalar kim o‘zarga namoyish qilinayotgan o‘yingohga aylanib qolayotgandek... Shunda o‘ylab qolasan, nahotki, hanuz ham g‘ofil Lirning fojeiy tomoshasi insoniyatning ko‘zini ocholmagan bo‘lsa?! Kechirasiz-u, bu kuyunchak nutqlardan ko‘ra, qushlarning oddiy chug‘ur-chug‘uri yoki ko‘kdagi siniq oyning shikasta shu’lasi olamning ko‘ksiga bosh qo‘yish uchun ko‘proq yordam beradigandek. Borliqni faqat cheksiz samimiyat orqaligina qabul qilging keladi. Zero, kitobda ham shunday yoziladi: “Olam zulmat quchog‘ida bo‘lgan chog‘larda faqat va’z-nasihatning o‘zi kifoya qilar edi. Chunki haqiqatning yangiligi unga kuch bag‘ishlardi, lekin hozir esa boshqa kuchliroq bir vosita topish kerak. Endi o‘z tuyg‘ulari hukmida bo‘lgan kishi ezgulikda hissiy bir go‘zallik ko‘ra olishi kerak. Odam bolasining ko‘nglidan ehtirosni chiqarib tashlab bo‘lmaydi, bu ehtirosni faqat olijanob maqsadlarga tomon yo‘naltirish kerak”.

Bu bitiklar aslida a’yonlar nazarida tasodifiy merosxo‘r, bir ishining tayini yo‘q, mashhur xonimning ko‘rnamo eri, ayiqsifat g‘alati bir kimsa Pierning “xotira daftari”ga qayd etilgan. Ular o‘z g‘iybatlarida keksa Bezuxovning bu noqonuniy o‘g‘lini hech ham unutmaydilar. Ular Pier Bezuxovdagi bu ulug‘vor sokinlikka tashqi yaltiroqliklardan iborat o‘zlarining nochor dunyolarining majruh hukmidan kelib chiqib qaraydilar. Biroq sen ham har qancha urinma, ularga ruhiy faollik kuchaygan joyda, ijtimoiy faollik o‘z-o‘zidan susayishini tushuntirolmaysan. Ha, shoir bekorga aytmagan bo‘lsa kerak, “Nega boshing quyi, balki, o‘ylaring bilan bizdan-da balandroqdirsan”, deb.

Darvoqe, yozuvchining o‘zi yozadi: “ ... Pier Osmonga qarar ekan, o‘z ruhi turgan yuksaklik oldida yerdagi barcha tubanliklarni sezmas edi...”.

Mashshoq qo‘liga cholg‘usini olar ekan, bir kuyni chalishdan oldin uni obdon sozlaydi. Aslida, u o‘sha damda cholg‘u bilan birgalikda o‘zini ham sozlaydi. Oliy qadriyatlarga tayangan holda kamolot sari qadam tashlagan Insonning cholg‘usi esa bu uning ruhidir. U ham xuddi mashshoq singari o‘z ruhini sozlab, toblab turishi kerak.

Bu ruhiy toblanishning yuksak cho‘qqisiga bashariyatning saralangan vakillari — abadiy arzandalarini uqib olish orqaligina chiqiladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 36-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.