Badiiy ijodni ruhiy tahlil nuqtai nazaridan o‘rganishda o‘arb falsafasida katta mavqega ega bo‘lgan ruhshunos olim, tub ruhshunoslikning asoschisi Karl Gustav Yungning estetik qarashlari diqqatga sazovordir.
Karl Yung 1875 yilning 26 iyulida Shveytsariyada dunyoga keladi.1895 yilning aprel oyida Bazel universitetiga kirib, avvaliga tibbiyot, so‘ng ruhshunoslik bo‘yicha tahsil oladi. U 1900 yili Syurixga ko‘chib o‘tadi va o‘sha davrning mashhur psixiatr-shifokori Yujin Bleyerning assistenti bo‘lib, ruhiy kasalliklar shifoxonasida ishlay boshlaydi.
K.Yung 1907 yilda aqliy zaiflikning ilk davrlari haqida ilmiy maqola chop etib, Z.Freydga jo‘natadi va shu yilning o‘zida u bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ladi. Bu uchrashuvdan boshlangan do‘stlik besh yil davom etadi. 1913 yili ikki ruhshunos o‘rtasida kelishmovchilik ro‘y beradi. Buning sababi ilmiy izlanishlardagi o‘zaro ziddiyatlar edi. Zero, Freyd ruhiy nuqs va kasalliklar hirsiy mayllarning siqilishi tashqi dunyo ob'ektlaridan bemorning ichki dunyosiga o‘tkazib yuborilishidan vujudga keladi, degan fikrni ilgari sursa, Yung tashqi olam bilan bo‘lgan aloqa hirsiy mayllardan tashqari boshqa motivlarga ham bog‘liq, reallikdan uzilishni, ayniqsa shizofreniya (ruhiy kasallikning bir turi) kasalligini faqat hirsiy maylga intilish bilan izohlab bo‘lmaydi, deb e'tiroz bildiradi. Keyinchalik Yung tomonidan yana boshqa nazariyalarning o‘rtaga tashlanishi ustoz va shogird o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytiradi. Masalan, Freyd nevroz xastaligi ilk bolalik davridayoq boshlanadi, bunga xayolot va mayllar kabi omillar sabab bo‘ladi, desa, Yung nevroz sabablarini hozirgi kundalik hayot tarzining botinidan qidirish kerak, bu xastalikda bolalar xayoloti, mayllari - barchasi ikkinchi darajali holatdir, degan fikrni aytadi.
Xullas, ustoz va shogird o‘rtasida butunlay ajralish yuz berdi va u Yung uchun og‘ir kechadi, shuningdek, keyingi olti yil davomida (1913 - 1918) uning o‘zi «ichki ruhiy chalkashlik» yoki «ijodiy kasallik» deb atagan murakkab davrni boshdan kechiradi. Lekin, bir muddat o‘tgach, u Sharq mutafakkirlarining o‘z-o‘zini anglash tamoyili va tajribasiga tayangan holda tahliliy ruhiy terapiya va ruh tuzilmasi bobida yangiliklar yaratadi; yigirmanchi yillarda Afrikada hamda Shimoliy Amerikadagi Tueblo hindulari vohalarida uzoq ilmiy safarlarda bo‘ladi va u yerlarda tsivilizatsiyadan yiroq turmush tarzidagi ruhiy holatlarni o‘rganadi. Ruhiy tahlil uyushmasini ham, Syurix universitetini ham tark etgan Yung «Ruhiy tiplar» degan kitob ustida ish boshlaydi va o‘ttizinchi yillarga kelib, ruhshunoslik olamidagi eng mashhur olimlardan biriga aylanadi.
K.Yungning «Ruhiy tahlil va adabiyot» degan maqolasida Freydning nevroz kasalligining manbai bo‘lmish bolalikdagi xayolotlar ijodiylikka borib taqalishi haqidagi ta'limotini rad qilmasa-da, K.Yung bu qarashlar san'atkor ahlining boshqalardan ajralib turuvchi individual xususiyat egalari ekanliklarini e'tirof etadi. Biroq san'atkorning asosiy tomoni uning boshqalardan ajralib turishida emas, balki unda individuallikdan o‘zga yana nimadir borligi va u ob'ektiv ruhiy hodisa ekanligidir. Aynan ana shu ob'ektivlilik san'atkorning maqsadi va badiiy asarning asosiy g‘oyasini aniqlab beradi. Yung o‘zining «tahliliy ruhshunosligi»ni yaratishga bel bog‘lar ekan, u Freyd qo‘llagan tushunchalar va atamalardan ko‘p hollarda voz kechib, yangi istilohlarni ilmiy muomalaga kiritadi.
Karl Gustav Yung ijodkorning ijod jarayonidagi ruhiy holatlarini o‘rganib, ularni uch tomonlama: ijodkor shaxsini, ijod jarayonini hamda shu jarayon mahsuli bo‘lmish san'at asarini alohida tahlildan o‘tkazdi. Bunda Yung asosan ijodkor, asar va ijod jarayonini ikki turga, introvert va ekstravert turlariga ajratib ko‘rsatish orqali ruhiy tahlil estetikasiga yangiliklar kiritdi.
Introvert ijod jarayonida badiiy asar o‘z ijodiy maqsadi yo‘lida muallifdan ozuqa sifatida foydalanadi. Bunday jarayonda vujudga keladigan asarlar o‘z qudrati bilan muallifni jilovlab oladi va uning qo‘lini shunday boshqaradiki, har qanday iste'dod egasi ham bunda lol qoladi. Asar muallifning ongiga o‘zi bilan birga o‘z shakl, uslub va qonuniyatlarini olib kiradi; ijodkor kiritmoqchi bo‘lgan narsalar inkor qilinib, u olib tashlamoqchi va chetlab o‘tmoqchi bo‘lgan detallarni o‘ziga tortib oladi. Bunday favqulodda badiiy hodisa bilan kurashib, uni yengishga ulgurmagan muallif asarning yetovida yurishga majbur bo‘ladi; agar ixtiyor o‘z qo‘lida bo‘lganda edi, ijodkor hech qachon asar talab qilgan o‘zgarishlarga yo‘l qo‘ymasdi. Biroq ijodkor ayni paytda bularning hammasini o‘z tabiatidan chiqayotganligini, o‘zi - o‘z tabiati gapirayotganini ham tan olmasdan iloji yo‘q. Ijodkor o‘zidan ko‘ra ko‘proq san'at asari kuchliroqligini, asarning unga tegishli bo‘lmagan va u boshqarishga kuchi yetmagan qudratga ega ekanligini his qiladi, o‘z faoliyati jarayonida faqat begona impulsga ergashayotganini sezib turadi. Shu sababli, u ijod jarayoni bilan uyg‘unlashib ketmaydi, asarga bo‘ysunayotganini, o‘zi undan alohida ekanini anglaydi.
San'atda bunday hodisalar juda ko‘p, chunonchi, Anna Kareninaning o‘limini istamagan, lekin asar talabi bilan uni o‘ldirishga majbur bo‘lgan Lev Tolstoyning iztiroblari, Kumushbibini «o‘ldirib» qo‘yganidan yig‘lab, ko‘zlari shishib ketgan Abdulla Qodiriyning ruhiy holatlarini misol tariqasida keltirish mumkin. Bunday holatni ba'zan ilmiy ijodda ham uchratsa bo‘ladi.
Ba'zan ijodiy ehtiros shu darajada insonni qamrab olib, o‘ziga bo‘ysundiradiki, unday ijod jarayoni hatto san'atkor sog‘lig‘iga zid ravishda davom etadi. Buyuk Alisher Navoiyning ijodiy jasorati va matonati bunga misol bo‘la oladi. Ijodga bo‘lgan chanqoqlik uni xastalantirib, o‘limga olib keldi. Cho‘lponning zamona qaltisligini ko‘ra-bila turib, milliy ozodlik, istiqlol haqida she'rlar yozgani ham shundan bo‘lsa kerak.
Lekin, ta'kidlash kerakki, introvert ijodkorning ekstravertga aylanish hodisasi ham uchrab turadi, ijodkorning avval yozgan asari keyingi asarlaridan farq qilishi mumkin.
Ekstravert badiiy ijod jarayonida tug‘ilgan san'at asarlari zamon bilan hamnafas, o‘sha zamonning aniq va ravon tushuntiriladigan dolzarb muammolarini aks ettiradi. U oddiy xalq tomonidan yaxshi qabul qilinadi, ommaga tushunarli bo‘ladi. Biroq bunday asarlar vaqt o‘tishi bilan jonli asarlik xususiyatini yo‘qotib, tarixga aylanadi. Introvert jarayonga tegishli asarlar esa ko‘p hollarda ommaga tushunarsiz bo‘ladi. Chunki ularda nafaqat zamon, balki butun borliq va koinot muammolari ifoda topadi; inson qalbi zamiridagi qorong‘u yo‘laklar yoritiladi. Uni idrok etgan kishi bunday ifoda qoshida qay darajadadir dovdirab qoladi. Bunga misol qilib Jaloliddin Rumiyning «Ichindagi ichindadir» asarini yoki Frants Kafkaning «Qasr» romanini keltirish mumkin.
Yung «Ruhshunoslik va badiiy ijod» maqolasida ruhshunoslikni inson ruhiy holatidagi jarayonlar borasidagi ilm deb baholab, uni adabiyotshunoslik bilan bog‘laydi. Zero uning fikricha, har qanday san'at asarining ibtidosi - ruhdandir. Albatta, ijodkorning shaxsiy ruhiyati uning asaridagi ko‘p narsani aniqlashtirishi mumkin, ammo asarning o‘zini tushuntirib berolmaydi. Agar buning imkoni bo‘lganda asar oddiy simptomga aylanib, ijodkor va uning asariga hech qanday obro‘ va mashhurlik keltirmagan bo‘lardi. Aynan mana shu masalalar ijod jarayoni hamda ijodkor shaxsi borasidagi ruhshunos va estetik olimlar o‘rtasida bahsli munozarani keltirib chiqaradi.
K.Yung agar ruhshunoslik badiiy ijod va badiiy asarni bog‘lovchi sabablarni aniq ochib bera olganda edi, unda san'atshunoslik mustaqilligini yo‘qotar va ruhshunoslikning bir bo‘limi sifatida o‘rganilar edi, degan fikrni bildiradi. San'atshunoslik hamda ruhshunoslik doimiy ravishda bir-biriga bog‘liq bo‘ladi va biri ikkinchisining tamoyilini rad qila olmaydi. Ruhshunoslik tamoyili - berilgan psixologik materialni sababiylikdan kelib chiquvchi qandaydir holat sifatida olib qaraydi. San'atshunoslik tamoyiliga ko‘ra esa, gap asar haqidami yoki ijodkor haqidami, qat'i nazar, undagi ruhiylik bevosita mavjudlik sifatida o‘rganiladi. Ikkala tamoyil ham o‘zining nisbiyligiga qaramasdan o‘z kuchida qoladi, ular alohida mavqe va qimmatga ega.
Yung har bir ijodkorda ikki holat - o‘zida qisman shaxsiy-insoniy, qisman esa noshaxsiy insoniy jarayonni mujassam etadi, degan qarashni ilgari suradi. Zero inson sifatida u sog‘lom yoki kasal bo‘lishi va shu bois, individual ruhshunoslik uning shaxsi borasida izlanishlar va xulosalar chiqarishi mumkin. Ijodkor sifatida esa u faqatgina o‘zining yaratgan asari orqaligina tushunilishi mumkin.
Demak, ijodkorni biz faqat ijod jarayonidagina ijodkor deya olishimiz mumkin bo‘ladi. Qolgan vaqtlarda esa u oddiy inson kabi illat va fazilatlardan xoli bo‘lmagan shaxsdir. U holda ijodkor oddiy odamlardan nimasi bilan farq qiladi? Ijodkorlarning boshqalardan ajralib turishini Yung ularning energiyasi bilan izohlaydi. Har bir inson odamlar bilan muloqot qilar ekan, u o‘zining salbiy munosabatlarini va illatlarini berkitishga harakat qiladi, aniqrog‘i, bunga kuch topa oladi. Biroq ijodkor barcha quvvatini ijod jarayonidagi ehtirosga berilib, asarga baxshida qilib yuboradi. Shu tariqa u o‘zining illatlarini, odamlar bilan bo‘lgan munosabatda berkitishga kuch topa olmaydi. Buni quyidagicha izohlash mumkin. Siz o‘zingizni o‘rab turgan jamiyat oldida, odamlar orasida qusurlaringiz oshkor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaysiz. O'ki haqiqatni ochiq-oydin aytishga bo‘lgan intilish hissini aql bilan cheklaysiz. Aql esa o‘z yo‘lida cheklov uchun sizning quvvatingizdan foydalanadi. Ijodkorlar esa bunday imkoniyatga ega bo‘la olmaydilar. Zero ular, hattoki o‘z imkoniyatlariga ham yetarli darajada hukmronlik qila olmaydilar. Ijod jarayoni ijodkordan ijodiy ehtiros orqali hamma narsani, hattoki undagi ixtiyorni ham olib qo‘yadi.
Yungning bu mulohazalari ijodkorlarning oddiy odamlarga o‘xshamagan jihatlarini ochib berishga xizmat qildi.
Feruza Obidjonova,
O‘zMU axloqshunoslik va estetika kafedrasi o‘qituvchisi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi