OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fillar haqida gaplashamiz

 Sayyoramiz ajoyib va g‘aroyib hayvonot olamiga boy. Iqlim sharoiti va boshqa sabablarga ko‘ra­ ularning ko‘pchiligi mamlakatimiz hududida uchramaydi. Odamlarni hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishtirish, qolaversa, yoshlarga bu jonivorlar xususida tasavvurni shakllantirish maqsadida hayvonot bog‘lari tashkil etiladi. Ana shunday maskanlardan biri poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan.

 U yerda bundan uch yil muqaddam Malayziyaning Malika shahridan keltirilgan bir juft fil yashaydi.

Bu o‘rinda jahonda uchraydigan fillar, ularning turlari, o‘zaro farq qiladigan jihatlari haqida to‘xtalib o‘tishni lozim, deb bilamiz. Tabiatda asosan ikki - Afrika va Osiyo fillari uchraydi. Ikki qit'a vakillari tash­qi tuzilishi, vazni va bo‘yi tomondan bir-biriga o‘xshamaydi. Qora qit'ada yashaydigan fillarning bo‘yi 4-4,5 metr, vazni 7-7,5 tonna kelsa, Osiyodagilarnikining esa bo‘yi biroz pastroq (3-3,5 m.), og‘irligi yengilroq (3,5 tonnagacha) bo‘ladi. Qiziq tomoni shundaki, har ikki olamga mansub fillarni kishi bir ko‘rganda tashqi a'zolarining o‘xshamasliklariga qarab ham ularning qaysi turga kirishini aytib bera oladi. Masalan, Afrika fillarining bosh tomoni balandroq, quloqlari kattaroq bo‘lsa, osiyoliklarnikining quloqlari kichkina bo‘ladi. Bu farqlarning paydo bo‘lishiga tabiiy sharoit o‘z ta'sirini o‘tkazgan. Chunki, Afrika a'zolari savanna va o‘tloqlarda kun ko‘radi. Shu bois u yerlik fillarga uzun bo‘y va katta-katta quloqlarning zarari tegmaydi. Ammo Janubi-sharqiy osiyoda fillar qalin daraxtzor hamda o‘rmonlarda kun kechiradi. Daraxtlarning shoxlari oralab yurishda ularga past bo‘y va kichik quloqlar ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmaydi. Fillarning uzun quloqlari tanadagi namlikni saqlab qolishda katta foyda beradi. Shuning­dek, savannada (ochroq) va o‘rmonda (to‘qroq) yashaydigan fillarning rangida ham farq bo‘ladi.

Yana ba'zi narsalarni aytib o‘tishni xohlardikki, fillar 50-60 yilgacha umr ko‘radi. Ular 13-14 yoshda bo‘lganida juft-juft bo‘lib yashay boshlaydi. Va ular o‘z jufti halollari bilan umrining oxirigacha birga bo‘ladi. Urg‘ochi fillarda homiladorlik vaqti 24 oygacha cho‘ziladi. Tug‘ilgan yosh fil ikki yil onasining suti bilan oziqlanib, to‘rt yoshgacha ota-onasi hamrohligida yuradi. Fillar o‘n ikkitagacha oila bo‘lib, jamuljamlikda hayot kechiradi. Ko‘pchilik fillar xartumi orqali oziqlanadi deb o‘ylashadi, aslida xartum lablarining yuqori qismining o‘sib ketishi natijasida paydo bo‘lgan, lekin ular ovqatlanish uchun fillar bundan foydalanmaydi. Xartumlarini baland shoxlardagi mevalarni uzib olishda, suv purkashda ishlatadi. Ajablanarlisi, fillar oilasi urg‘ochilari tomonidan boshqariladi. Ularda hid sezish qobiliyati juda yaxshi rivojlangan. Hatto, odamlarni ham(hayvonot bog‘idagilar) hidlaridan ajratadi.

Fillar tabiatdagi deyarli barcha oziq-ovqatlarni "noz" qilmasdan iste'mol qilaveradi. 

Hayvonot bog‘ida bo‘lganimizda «mehmon» fillarning ahvoli bilan qizikdik. Hozirda ular maxsus hozirlangan issiqxonada (+10 gradius) yashamoqda. Bog‘ xodimlari tomonidan ikkoviga malay tilida ism qo‘yilgan. Erkak filning nomi Putra (shahzoda) bo‘lsa, urg‘ochisi Putri (qirolicha) deb chaqiriladi. Ayni kunlarda havo harorati sovuq bo‘lsa-da ularning ahvoli yaxshi. Ularga bir kunda ikki marta (1000 da va 1600 da) yegulik berib turilar ekan. Shuningdek, o‘zlarini ona tabiat qo‘ynidagidek his qilishlari uchun ular ixtiyoriga basseyn berilgan. Chunki, bu jonivorlar suvni yoqtiradi. Bog‘ning ratsion oziqlantirish ilmiy xodimlari tomonidan har xil mevalar - limon, mandarin, olma, apelsin va hakozolar tartib bilan berib borilmoqda. Umuman olganda, fillarda yegulik tanlamaslik odati shakllangan. Shuning uchun ular hamma narsani paqqos tushiraveradi. Yana bir gap, ularga banan daraxtining tanasi berilsa ham bemalol yeyaveradi.

Ushbu fillar Malayziyadan keltirilganligi uchun ular bilan malay tilida gaplashish lozim. Bu borada ushbu tilni bilgan kishilar jonivorlar bilan yaxshi tillasha oladi. Bugungi kunda fillar malay tilida berilayotgan o‘ndan ortiq «yur», «to‘xta», «ovqatlan» va shu kabi buyruqlarni bajarayotgani kishini hayratga soladi.

Hayvonot bog‘iga keluvchi kishilar fillarni ko‘rishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Eslatib o‘tamiz boqqa kirish yoshlar uchun 1000 so‘m, kattalar uchun esa 2000 so‘m qilib belgilangan. Hayvonot bog‘i xodimi Aziz Irismetovning aytishicha, joriy yilda hayvonot bog‘iga 600 dan ortiq hayvonlar xorij davlatlaridan keltiriladi.

Azim Ro‘ziyev
“Hurriyat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.