OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ming tabassum o’lkasi

 Tailand qirolligini bejizga "kulguxona" deb atashmaydi. Yerlik aholi o‘z yurtiga tashrif buyurgan har qanday mehmonga yuzida tabassum bilan doimo yordamga tayyor ekanini bildiradi. U yerda bir kun ana shunday jilmayishlarni "ovlagan" sayyohning o‘zi ham ko‘p o‘tmay bunday odatni qo‘llayotganini sezmay qoladi. Mamlakatda g‘am-anduhga o‘rin yo‘q, muammolar o‘tkinchi, faqatgina quvonch va saodat barhayot yashab qoladi, deb hisoblaydilar.

Mana shunday chiroyli qadriyatlar makoni bo‘lgan yurt dunyoga mashhur shaharlari, kurortlari, diqqatga sazovor joylari bilan ham faxrlanishga haqli. Demak, ayni jazirama paytida ko‘plab odamlarning Janubiy-Sharqiy Osiyodagi ushbu davlatga dam olish va sayr etish uchun kelishlarining sabablari bir qancha va arzigulik.

Bangkok

Tailand - sohillarini moviy dengiz suvlari yuvib turadigan plyaj-kurortlari bilan tanilgan bo‘lsa-da, u yerga tashrif buyurgan har bir sayyoh, albatta, poytaxtni tomosha qilish uchun vaqt ajratadi. Bundan tashqari, deyarli barcha sayyohlik firmalari taklifnomalari ro‘yxatidan Bangkok shahri ham joy olgan. U yerda Siamning moziydagi ajoyib madaniyatidan guvohlik beruvchi obidalar, zamonaviy texnologiyalarning namunalari, boylik va qashshoqlik uyg‘unlashib ketgan keng va tor ko‘chalar, sayyohlik markazlari, asr­lar davomida o‘z qiyofasini yo‘qotmay kelayotgan mahalliy aholini ko‘rish, ular bilan tanishish mumkin.

Bangkokdagi 400 dan ortiq va har biri o‘z qiymatiga ega bo‘lgan ibodatxonalarni bir kunda aylanib chiqishning iloji yo‘q, shuning uchun ularning ichidan eng saralarini tanlagan ma'qul. Xususan, ko‘pincha yashm (nef­rit) toshidan yasalgan haykal saqlanadigan ibodatxona, uning yonida joylashgan qirollikning betakror saroyi tavsiya qilinadi.

Yana bir qiziqarli sayohat - eski Bangkokni qayiqda aylanib chiqish. U yerni "tay Venetsiyasi" deyishadi va uylar shundoqqina daryo ustiga qurilgan bo‘lib, motorli uzun qayiqlar eng asosiy transport vositasidir.

Ushbu yurtga boradigan odam dam olish usulini oldindan aniqlashtirib olsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, chunki variantlar yetarlicha va ular bir-biridan farqlanadi. Shovqin-suron, qiy-chuvni yoqtiradiganlar uchun alohida, yolg‘izlik, tinchlik-osudalik tarafdorlari uchun ham maxsus joylar taklif qilinadi.

Pattayya kurorti, Samuy va Pxuket orollarida ko‘plab restoranlar va yana boshqa bir qator ko‘ngil ochish nuqtalari bilan birga madaniy yodgorliklar ham kishi diqqatini o‘ziga tortadi.

Pattayya

Kxao Chi Chan tog‘idagi haykal shulardan biridir. Qoyaning oldi tomoniga balandligi 130 metrlik Buddaning o‘tirgan holatdagi tasviri naq­sh­langan. Uning qarama-qarshi tomonida ibodat qilish uchun maxsus joy (mahalliy xalq e'tiroficha, haqiqat maskani) qurilgan va uning atrofini go‘zal bog‘lar hamda yuzini nilufar gullar qoplagan bir nechta hovuz o‘rab turadi. O'g‘ochdan qurilgan va nafis qoplama bilan usti yopilgan bino taylar uchun diniy va falsafiy ma'no makonidir. Ularning fikricha, tog‘dagi muqaddas tasvir insoniyat tamad­duni durdonalaridan biri sanaladi.

Pattayyaning markazidagi taycha boks maktabi - Muang Tayda har kuni mashg‘ulotlar hamda haqiqiy janglarga shohid bo‘lish mumkin.

Samuy oroli

Bu yerda tomoshabop joylar juda ko‘p. Na Mung sharsharasi, Katta Budda ibodatxonasi, maymunlar teatri shular jumlasidandir. Kanoeda g‘orlarni va Ang-Txong-Marin qo‘riqxonasi hududidagi marjon (dengiz hayvonot olami vakili) bog‘ini aylanish, kapalaklar fermasiga tashrif buyurish ham kishiga o‘zgacha zavq berishi, shubhasiz.

Pxuket oroli

Orol tabiati go‘zalligi Kxao Pxra Txa milliy bog‘idagi qalin changalzordan boshlanadi. Undan keyingi diqqatga sazovor joylar sirasiga odatda dengizni o‘rganuvchi biologik markaz, cheksiz ummonning bir qatrasini o‘ziga jo qilgan rang-barang akvarium, "Talant" milliy muzeyi, Naga nomli marvaridlar fermasi kiritiladi. Vat Pxra Tong esa Pxuketdagi eng mashhur ibodatxonadir.

Maymunlar maktabiga sayohat uyushtirish yanada qiziqarli o‘tishi tabiiy. Tailandning janubida primatlarning maxsus o‘rgatilgan mazkur vakillari kokos plantatsiyalarida hosil yig‘ish uchun odamlarga yordam beradi. Maymunlar 1,5-2 yoshidan bu yerga keltirilib, mevani yig‘ib, aytilgan joyga olib kelishga o‘rgatiladi.

Osudalik manzillari

O'lg‘izlik va tinchlik istar ko‘ngillar Samuy oroliga yaqin Ko Tao, Pxuketdan unchalik uzoq bo‘lmagan Pi-Pi oroli va Krabi provintsiyalarini ixtiyor etishlari mumkin.

Pi-pi juda kichkina orollar to‘plami bo‘lsa-da, o‘zining qiyosi yo‘q tabiati bilan Yer sharidagi eng go‘zal joylardan biri sanaladi. U yerga sayohatga chiqish unutilmas damlarni hadya etadi. Lojuvard suv, qordek oppoq qum, tik qoyalar - bunday manzaralarni esdan chiqarish mushkul. Umuman, hordiq chiqarish uchun Ko Tao yo Krabi plyaji yoki Pi-pi Dona - bir-biridan qolishmaydi.

Bular ham zarur

Tailand haqida yana quyidagilarni bilib qo‘yish foydadan xoli emas. O‘zbekiston milliy entsiklopediyasiga asoslanib, bu haqda shunday deyish­ mumkin.

Tailand Qirolligi (Ratcha Anachak Thai, tailand tilida Prater Tai) - Janubiy-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolining markaziy qismi va Malakka yarim orolining shimoliy qismida joylashgan davlat. Maydoni 514 ming kv. km. Aholisi 62,4 mln. kishi (2002). Poytaxti - Bangkok shahri. Ma'muriy jihatdan 73 viloyat (changwad)ga bo‘linadi.

Davlat tuzumi - kons­titutitsion monarxiya.

U yerda 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun majburiy bepul ta'lim joriy qilingan. 1977 yildan umumiy ta'lim maktabining yangi tizimi qabul qilingan: boshlang‘ich ta'lim 6 yil, o‘rta ta'lim ham 6 yildan iborat. Dars­lar tay tilida olib boriladi. Xususiy maktablar ham faoliyat yuritadi.

Tailandda 13 ta universitet mavjud. Jumladan, talabalar Bangkokdagi Chulalongkorn (1917 y.), Tammasart (1933 y.), Kasetsart (1943 y.), Chingmay shahridagi universitetlar, bir qancha institut va kollejlarda tahsil oladi.

Ilmiy muassasalari - Bangkokda "Siyom" ilmiy jamiyati, universitetlar huzuridagi ilmiy-tadqiqotlar markazlari, ekologiya va boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud. Ayrim ilmiy ishlar xorijiy va xalqaro jamg‘armalar tomonidan pul bilan ta'minlanadi. Bangkokdagi Milliy kutubxona (1905 y.), Tammasart va Chulalongkorn universitetlarining kutubxonalari aholining ilmiy-badiiy adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga harakat qiladi. Milliy muzey ham tarixiy va qimmatbaho eksponatlarga boy.

So‘ngso‘z

Tailandning "Osiyo yo‘lbarslari"dan biri sifatida tilga olinishi bejiz emas. U yerda nafaqat turizm, balki sanoat, qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodining asosiy tirgaklari hisoblanadi. Yaqinda taylar yurti qit'a miqyosidagi yirik musobaqalardan biri - futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘yinlari mezbonlaridan biri bo‘ldi va bu mamlakatda sportga ham yetarlicha e'tibor berilishidan dalolat. Katta-katta tadbirlarga mezbonlik qilish esa nafaqat mamlakatning obro‘sini ko‘taradi, balki iqtisodiy jihatdan ham ancha samara keltiradi.

Madina Sattorova tayyorladi,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.