Er — Qismatulla ta’sirchan, sho‘x edi. Xotin — Hikmatoy sovuqqon, xotirjam ham andak qo‘polroq edi. Lekin ular bir-birini yaxshi ko‘rar, shuning uchun tabiatlaridagi bu har xillikni sezmas edilar, go‘yo ular shundoq tug‘ilganlaru shundoq bo‘lishlari lozim edi.
Bir kuni bular bir ziyofatda bo‘lib, bir eru xotinning o‘zaro va o‘zgalarga muomalasiga guvoh bo‘lishdi. Ular bir-biriga shu qadar yarashgan, shu qadar odobli, harakatlariyu so‘zlari shu qadar dilbar va o‘zlariyu o‘zgalarga shunday ajib dildorliklar ko‘rsatar edilarki, beixtiyor shu bazm qahramonlariga aylanib qolishdi...
Bazm tugagach, bu antiqa juft haqida har kim har xil fikrda ketdi. Qismatulla bilan Hikmatoy ham.
«Er ancha og‘ir... lekin xotini chuchmal ekan», deb o‘yladi Hikmatoy.
«Ha, eri kulturniy, lekin xotini...» — Qismatullaning o‘yi o‘zga, notanish chiziqdan ketdi: u beixtiyor «qahramon xotin»ni o‘zining Hikmatoyi bilan qiyosladi va nazdida, xotini undan go‘zalroq tuyuldi, ammo taqqos muomala-munosabat masalasiga yetganda Qismatullaning ko‘ngli allanechuk orziqishga to‘lib, bir zum xayolga toldi: Hikmatoydan shu mahalgacha biron-bir iliq so‘z yo yoqimli bir dildorlik ko‘rganini eslolmadi.
— Ko‘rdingmi u er-xotinni muomalasini? — so‘radi u chidolmay.
— Ko‘rdim, — loqayd jaob berdi Hikmatoy. — Eri durust, lekin xotini ko‘p kisliy ekan.
Qismatulla yongudek bo‘lib ketdi.
— Senga shunday tuyulgandir-da, — dedi dag‘allik bilan.
Xotini eridagi yangilikni sezdi, bu uning hamiya-tiga tegdi.
— Bo‘lmasam, shunaqasidan topa qoling, — dedi-da, jadallab ketib qoldi.
Ular boshqa bir masala xususida tortishib, Hikmatoy shundoq ketib qolganda Qismatulla uning izidan borib uzr so‘rab, so‘ng unga tegajaklik qilib, sho‘xlik qilib, ko‘nglini olar edi — shu bilan o‘rtadagi inoqlik tiklanar edi. Shunisi qiziqki, erining bu odatini Hikmatoy ham yaxshi bilar va yo‘lakay uning yetib kelishini kutar, so‘ng bir oz injiqlanib, yon berar — shu bilan inoqlik barqaror bo‘lishiga hissa qo‘shar edi.
Qismatulla xotinining ortidan qarab turar ekan: «Nima uchun endi hamisha men gapirishim kerak?» deb o‘yladi birdan va o‘ziga o‘zi uqtirdi: «Bu safar o‘z» gapirsin!»
Ular uylariga yetguncha bir-biriga gap qotishmadi. Xonaga kirib, kresloga cho‘kishdi va shunda nozik bir holat maydonga keldi: ular beixtiyor bir-biriga, qarashdi.
Ilgari mabodo biron masala xususida shunga o‘xshash vaziyat sodir bo‘lib, so‘ng favqulodda bir-biriga qarashganda Qismatulla... kulib yuborar, so‘ng Hikmatoy ham o‘ziga xos zo‘rg‘a tabassum qilar edi. Shuning bilan yarash-yarash...
Qismatullaning ko‘zi xotiniga tushdi-yu, ichidan tomog‘i tomon bir kulgi otilib chiqib kelayottanini payqadi, ammo: «Yo‘q, bu gal u kulsin!» deb o‘yladi. Xotini esa teskari qaradi.
Qismatulla shu kecha beixtiyor tarzda o‘zinyng ta’b-tabiati haqida xayol surib qoldi va unga birdan shunday tuyuldiki, o‘zi sho‘x, ta’sirchan, xotiniga tegajak bo‘lgani uchun xotini shundoq: sovuqqon, xotirjam, hatto qo‘polroq.
Qismatulla ahd qildi: endi buning teskarisi bo‘lishi kerak, endi o‘zi sovuqqonu xotirjam bo‘lishi kerak, shunda xotini o‘zi kabi... bo‘ladi.
Odatda, ertalab Qismatulla choyga unnar, Hikmatoy to‘shaklarni yig‘ar edi. Bu kun Qismatulla choysiz jo‘navordi ishga... Hikmatoyning ham achchig‘i keldi va to‘shagini yig‘mayoq kiyinishga tutindi. U taxminan erining ko‘nglidagini sezgan, shuning uchun undan o‘ch olishga ahd qilgan bo‘lsa ham ajab emas.
Bir hafta o‘tdi. Er-xotin begonalar kabi yashashdi. Qismatulla qiynaldi, o‘rtandi: o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas. Shubhasiz, Hikmatoy ham azob chekkan bo‘lsa kerak: axir u ham Qismatullaga o‘rgangan...
Keyingi haftada xotin istirohat oyiga chikdi va Vengriyaga turist yo‘llanmasi olib keldi. Kiyim-kechaklarini chamadonga solar ekan, eriga eshitilarli qilib:
— Erta ketaman, gruppamiz boshlig‘i biletniyam olibdi, — dedi.
Qismatulla unga yalt etib qaradi. Nimadir de-yishni burchi deb bildi.
— Yaxshi. Men ham ketaman... Sen kelgandan keyin, — dedi.
Tamom. Bu yoshlar yosh ziyoli er-xotinlar o‘rtasidagi rasm bo‘la boshlagan bir odatni — yoshlikda dunyoni ko‘rib kelish uchun xorijga chiqishni o‘zlariga qabul qilgan, mana uch yildirki ular goh yolg‘iz, goh birlikda chetga chiqishar edi.
Mabodo birining qolib, birining ketishiga to‘g‘ri kelsa, o‘sha kuni uylarida uyqu ham kam bo‘lar edi... Lekin bu tun eng shirin va lazzatli tun sifatida yodlarida qolar edi.
Bu tun ham ular kam uxlashdi. Ammo gapsiz, so‘zsiz. Shundoq daqiqalar bo‘ldiki, Qismatullaning birdaniga ehtiros bilan «bo‘ldi!» deb Hikmatoyni bag‘riga olishiga, Hikmatoyning ham bunga juda tayyor turganiga bir bahya qoldi.
Ertasi Hikmatoy «pasadka» e’lon qilingan samolyot maydoni tomon borayotganida ham nozik hollardan biri sodir bo‘ldi...
Odatda, bunday mahalda Qismatulla xotiniga hazil gaplar aytar, kular edi. Hikmatoy ham ichida behad zavqlanar, xursand bo‘lar edi...
— Xayr, — dedi Qismatulla.
Qismatulla uchun bu birinchi yolg‘izlik kechasi ham azob keltirdi. Garchi u shu kunlarda xotini bilan begonalardek yashagan bo‘lsa-da, bari bir u qalbining muhim bir go‘shasini tabiiy holda to‘ldirib turgan ekan. Chamasi, Hikmatoy ham Moskva mehmonxonasida rohat qilib dam olmadi.
Oradan hafta o‘tib, Qismatulla ahvoliga ko‘nika boshladi. Xotini qaytib keladigan kundagina u tanish, olis bezovtalik ichida qoldi, intizorlik bilan tong ottirdi, hayajon bilan uni kutgani chikdi.
Hikmatoy ham chamasi shu alfozda yetib keldi va erining qarshisiga peshvoz yugurdi.
— Salom, — dedi Qismatulla.
— Salom, — dedi Hikmatoy.
Ularning qo‘llari tutashdi, lekin shunda: «Hozir o‘ziga tortadi», deb o‘yladi Hikmatoy. Qismatulla esa u tomon cho‘zilayotgan qo‘lini zo‘rg‘a tutib: «Yo‘q... o‘zi-o‘zi», deb o‘yladi. Bir necha daqiqa o‘tdi va qo‘llar ajralishdi. Shunda Hikmatoy kulimsiragan bo‘ldi. Qismatulla ham go‘yo odob yuzasidan unga javoban jilmaygan bo‘ldi.
So‘ng, hayron bo‘lishgan kabi avtobus bekati tomon jilishdi.
Uy, tun, to‘shak...
— Haliyam... o‘zi... o‘zgarmadimi odatingiz? — dedi Qismatulla.
— Sizniki-chi? — dedi Hikmatoy.
Shunda ular turib o‘tirishdi, bir-biriga bir vaqtning o‘zida egilishdi va bir-birini quchishdi, ammo ular kutganiga qarshi, shunday tuyuldiki, egilishmasa ham, quchishmasa ham bo‘ladi...
Buni anglab, birdan ajralishdi va bir-biriga qarashdi: tushundilarki, oralaridan nimadir... nimadir yo‘q bo‘lgan!
Shukur Xolmirzayev. Nimadir yo‘q bo‘ldi (hikoya)
1965