Amerika yozuvchisi. Yoshligida juda ko‘p kasblar bilan shug‘ullangan. 1893 yilda ilk bor u Yaponiya sohillariga dengiz safariga oddiy matros bo‘lib borgan. 1894 yilda ishsizlarning Vashingtonga ko‘chishida qatnashgan, daydilarcha hayot tarzi uchun qamoqqa olingan, siyosiy harakatlarga qo‘shilgan. 1895 yilda AQSh ishchi partiyasi, 1901 yil Sotsalistik partiyaga a’zo bo‘lgan. Keyinroq Kaliforniya universitetiga o‘qishga kiradi va ko‘p o‘tmay o‘qishni tashlab ketadi.
Adabiy faoliyati 1893 y.dan boshlangan. Yozuvchining ko‘pgina hikoya to‘plamlari, qator qissa va romanlari shimol mavzuida yozilgan («Bo‘ri bolasi», 1900; «Izg‘irin bolalari», 1902 va b.). «Qor qizi» (1902), «Hayot uchquni» (1907), «Shimoliy Odisseya» (1910), «Insonga ishonch» (1914), «Qadim dengizchilardek» (1917), «Chandiqli odam» (1900), «Oltin dara» (1905) va b. sarguzasht asarlar muallifi. «Olis o‘lkada» (1899), «Ayol mardligi» (1900), «Gulxan yoqish» (1910), «Qish haqida qissa» (1904) asarlarida tabiat bilan uyg‘unlashib ketgan mehnatsevar indeyslarning o‘ziga xos hayotini tasvirlagan. «Yovvoyi kuch» (1905), «Oqso‘yloqtish» (1906) asarlari hayvonot olami haqida.
«Dengiz bo‘risi» (1904) «Martin Iden» (1909), «Uch qalb» (1920) romanlari mashhur. Londonning ijodida G. Spenser, F. Nitshe falsafiy ta’limotlarining ta’siri seziladi. «Martin Iden» roman-biografiyasida bosh qahramonning paymonasi to‘lgan chog‘da ham «yashashga ishtiyoqi»ni aks ettirgan. Uning individualizm ta’sirida yozilgan mazkur romanida g‘arbcha «barkamol inson», ya’ni «supermen» nazariyasi ham ilgari surilgan.
London 16 yillik ijodiy faoliyati mobaynida 19 roman, 18 to‘plam (152 hikoya), 3 pesa, 8 avtobiografik va publitsistik xarakterdagi kitob yaratgan.
«Hayotga muhabbat» (1961), «Qish haqida» (1962), «Martin Iden» (1968) va b. asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.