«Argentinaning birinchi raqamli adibi» — XX asrning 60-70 yillari jahonning nufuzli tanqidchilari mashhur yozuvchi Xulio Kortasarga shunday ta’rif bergan edilar. Bu baho hozir ham o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Yozuvchining «Imtihon», «Yutuq» kabi romanlari, «Ta’qibchi», «Manuelning kitobi» kabi qissalari, «Boshqa bir osmon», «Janubiy shosse», «Avtobus», «Iblis so‘lagi», «Istilo qilingan uy» kabi hikoyalari jahon adabiyotiga munosib ulush bo‘lib qo‘shildi.
Xulio Kortasar (1914-1984) nasrning barcha janrlarida barakali ijod qildi. Aytish mumkinki, mohir hikoyanavis Kortasar hikoya janrida kashfiyot yasay oldi.
«Mixlab tashlangan eshik» hikoyasida usta ishbilarmon Petronening kechinmalari orqali insoniy muloqot ehtiyoji his qilinadi. Kortasar tilga olgan eshik ortida eshitilgan yig‘i, go‘dak ham, uni allayotgan ona ovozi ham – bularning bari boshqa bir inson, Petronening tungi «men»i, uning shaxsan yolg‘izligidir; o‘zi yop-yorug‘ kunduz kuni tan olmagan, anglab yetmagan beg‘araz, toza insoniy muloqotga, inson taftiga kuchli ehtiyoj sezishidir.
Xulio Kortasarning boshqa hikoyalari kabi «Mixlab tashlangan eshik» hikoyasi ham bizning hikoya janri haqidagi tasavvurimizni boyitadi, olam va odam haqida chuqurroq o‘ylashga, fikrlashga undaydi.